Аyrim huquqbuzarliklar boʼyicha jarimalar miqdori kamaytirilmoqda

10.08.2021

 

Аyrim huquqbuzarliklar boʼyicha jarimalar miqdori kamaytirilmoqda 

Аdliya vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasida Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning beshta moddasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimalarni keskin kamaytirish nazarda tutilmoqda. 

Xususan:

-muddati oʼtgan sugʼurta polisi yoki sugʼurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 245 ming soʼm, endilikda 122,5 ming soʼm etib taklif etilmoqda); 

- transport vositalari egalari tomonidan sugʼurta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (amalda 245 ming soʼm, endilikda 122,5 ming soʼm etib taklif etilmoqda), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (amalda 735 ming soʼm, endilikda 490 ming soʼm etib taklif etilmoqda) kamaytirilmoqda; 

-fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʼtkazish uchun jarima miqdori BHMning oʼn baravaridan (2 mln 450 ming soʼm) yigirma baravarigacha (4 mln 900 ming soʼm) boʼlgan miqdor oraligʼida belgilanmoqda (amalda qatʼiy miqdorda – 4 mln 900 ming soʼm etib belgilangan);

- buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 1 mln 200 ming soʼmdan 2 mln 400 ming soʼmgacha, endilikda 735 ming soʼmdan 1 mln 700 ming soʼmgacha, bir yil ichida qayta sodir etilganda amalda 2 mln 400 ming soʼmdan 4 mln 900 ming soʼmgacha, endilikda 1 mln 700 ming soʼmdan 2 mln 400 ming soʼmgacha etib belgilash taklif etilmoqda);

-yoʼlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʼullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilmoqda (amalda fuqarolar uchun 4 mln 900 ming coʼmdan 24 mln 500 ming soʼmgacha, endilikda 1 mln 700 ming soʼm etib, mansabdor shaxslar uchun 12 mln 200 ming soʼmdan 36 mln 700 ming soʼmgacha boʼlsa, endilikda 7 mln 300 ming soʼm etib belgilash taklif etilmoqda);

- pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan ham koʼproqqa kamaytirilmoqda (223-modda);

Oʼzbekiston fuqarosi pasport olmaganligi yoki uning shikastlanishi, yoʼqolganligi, shuningdek, chet el fuqarosi va fuqaroligi boʼlmagan shaxsning Oʼzbekistonda yashash guvohnomasi boʼlmaganligi, yashash guvohnomasining shikastlangani yoki yoʼqolganligi uchun amaldagi 122 ming soʼmdan 735 ming soʼmgacha boʼlgan jarima miqdori 81,6 ming soʼmdan 245 ming soʼmgacha boʼlgan miqdorgacha etib belgilash taklif qilinmoqda;

Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʼlmagan, vaqtincha yoki doimiy roʼyxatdan oʼtmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun amaldagi 2 mln 400 ming soʼmdan 735 ming soʼmgacha etib belgilash taklif qilinmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:

regulation.gov.uz