Chorrahalarda raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi

05.04.2022

“Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 dekabrdan haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi.

Mazkur tizim quyidagilarni nazarda tutadi:

har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;

hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;

muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi barcha ta’lim muassasalari (avtomaktablar) va imtihon markazlariga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.

Avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularning o‘qituvchi, haydovchi-yo‘riqchi va murabbiylarini shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

2023 yil yakunigacha poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida, 2024 yil yakunigacha Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

2022 yil 5 apreldan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi tashkil etiladi.

2022 yil 1 iyuldan respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yo‘l” indeksi yuritiladi. Bunda:

indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi;

tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.