Chuqur bilim, keng dunyoqarashga ega yoshlar - mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi kuchdir

30.01.2020

29 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat Razzoqovich Bobojonov sohada xizmat olib borayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv o'tkazdi. Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o'rinbosari, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Alisher Sa'dullaev, vazir maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, vazirlik markaziy apparati, departament, bosh boshqarma, boshqarma, Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIB rahbarlari, tuman-shahar IIB boshliqlari va ularning yoshlar masalalari hamda tarbiyaviy ishlar bo'yicha o'rinbosarlari, yosh xodimlar ishtirok etdi.

Ta'kidlab o'tish joizki, hozirgi kunda kelajagimiz egalari bo'lmish yoshlarga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Yoshlarni qilgan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha rag'batlantirish, ular orasidan bilimli, halol va jonkuyar xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash juda muhim vazifa sifatida e'tirof etilmoqda. Misol uchun, o'tgan yili 168 nafar bo'lim boshlig'i, 13 nafar boshqarma boshlig'i o'rinbosari lavozimlariga yosh xodimlar tayinlandi.

Bugungi kunda faol, iste'dodli va izlanuvchan yoshlarning 14 nafari tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i va boshliq o'rinbosarlari lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, yana 425 nafar tashabbuskor yoshlar rahbarlik lavozimlari kadrlar zaxirasiga olindi.

O'z navbatida, tizimdagi 80 nafar Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilotlari etakchilarining deyarli har uchinchisi bir pog'ona yuqori lavozimlarga tayinlandi. Shu bilan birga, o'tgan yili 5 192 nafar yosh xodimlar davlat, vazirlik, mahalliy idoralar va boshqa darajadagi mukofotlar bilan rag'batlantirildi.

Jami respublika bo'yicha “Mard o'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan 56 nafar yoshlarning 4 nafari ichki ishlar organi xodimlarini tashkil etgan.

Muntazam ravishda faol yosh xodimlarning ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, yuqori natijalarga erishgan farzandining xizmati uchun minnatdorlik bildirilishi an'anaga aylandi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo'lishi kerakligi to'g'risidagi topshiriqlarini inobatga olib, vazirlikdagi Etakchilar kengashi faoliyatini tubdan takomillashtirish choralarini belgilab olish zarurdir.

Tadbirda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat Bobojonov har bir shahar-tumanda yosh xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Yoshlar ittifoqining boshlang'ich tashkilotlarini tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, vazirlikning hududiy tuzilmalari hisoblangan ya'ni Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIBlarida kadrlar xizmati tarkibida bir nafardan yosh xodimlar bilan ishlash bo'yicha inspektor lavozimini joriy etishni ta'kidlab o'tdi.

Tizimdagi boshlang'ich tashkilotlar faqatgina yosh ichki ishlar organlari xodimlari bilan emas, balki boshqa yosh fuqarolarimizni ham vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda qonunga itoatkorlik tamoyilini shakllantirish ishlarida faol ishtirok etishi lozim. Shuningdek quyidagilar kelgusidagi vazifalar sifatida belgilab olindi:

– tashabbusni to'liq qo'lga olib, har yili yanvarda “Vatanparvarlik oyligi”ni o'tkazish;

– iyun oyida “Yoshlar oyligi” shiori ostida turli tag'ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etish;

– vazirlik Etakchilar kengashining logotipi, ko'krak belgisini ishlab chiqish.

“Muhim 5 tashabbus” doirasida qilinayotgan ishlarni jadallashtirish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari yosh xodimlaridan iborat alohida “Qonun posbonlari” targ'ibot guruhini tashkil etish rejalashtirildi.

Yosh xodimlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish va shu orqali ularning yangicha ong, yangicha tafakkur bilan xizmat qilishlarini tashkil etish juda muhim ekani ta'kidlab o'tildi. Shuning uchun ichki ishlar organlarida tashkil etilgan 54 ta kutubxonalarning adabiyotlar fondini boyitish maqsadida, ularning har biriga mingtagacha kitob ajratish to'g'risida taklif berildi.

Tadbir so'ngida jami 48 nafar yosh xodimlarning ota-onalariga minnatdorlik e'lon qilinib, 33 nafar xodim rag'batlantirildi.

IIV Axborot xizmati