Haydovchilar quloqchin orqali telefondan foydalanishi mumkin
“Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun (OʻRQ–734-son, 30.11.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qoʻllarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin.
Haydovchilar belgilangan tezlikni oshirib yuborganida qayd etilgan tezlikdan 5 km chegirib tashlab jazo qoʻllaniladi.
Haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi boʻlganida transportni boshqarish, roʻyxatdan oʻtkazganlikka oid hujjatlarni, ishonchnomani, sugʻurtani yonida olib yurishi talab etilmaydi (mazkur tartib 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi).
Shuningdek, transport salonining old qismiga monitor (displey) oʻrnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi.
Valyutalarni noqonuniy olganlik uchun jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha etib belgilandi (ilgari qatʼiy BHMning 20 baravari edi).
Avtomobilda yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashiganlik uchun fuqarolarga jarima BHMning 30 baravari etib belgilandi (ilgari BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha edi).