Ichki ishlar organlari faoliyatida yangi mexanizmlar joriy etiladi
“Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident Farmoni (PF–6196-son 26.03.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʼra, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolar bevosita joylarning oʼzida hal etiladi.
Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etiladi.
Dastlab mahalla huquq-tartibot maskanlari Toshkent shahrida namunaviy tarzda tashkil etiladi.
Toshkent va Samarqand viloyatlarida 2021 yil 1 iyungacha profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʼrib chiqish jarayonini kuzatib borish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi ishga tushiriladi.
Mazkur axborot dasturi 2021 yil yakunigacha respublikaning boshqa hududlarida ishga tushiriladi.
Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida quyidagilar tashkil etildi:
- Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi, Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasini oʼz ichiga oladigan Tezkor-qidiruv departamenti;
- Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Yoʼl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Probatsiya xizmatini oʼz ichiga oladigan Jamoat xavfsizligi departamenti;
- Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi, Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasini oʼz ichiga oladigan Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti;
- Kadrlar bosh boshqarmasi, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boshqarmasi, kasbiy tayyorgarlik boshqarmasini oʼz ichiga oladigan Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti;
- Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazi (Bosh prokuraturaning Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi va uning hududiy boʼlinmalari tugatildi);
- Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi.
- Shuningdek, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil etildi.
Hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmasida ichki ishlar organlari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash boʼyicha, probatsiya va jazoni ijro etish masalalari boʼyicha oʼrinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (boʼlimi) boshligʼi lavozimlari tugatildi.