Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirining soha xodimlari hamda faxriylariga bayram tabrigi

25.10.2021

 

Qadrli ichki ishlar organlari xodimlari!

Hurmatli faxriylar!

Sizlarni Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!

Oʻz hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bagʻishlab kelayotgan siz, aziz xodimlar, harbiy xizmatchilar, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamkasblarimizning oila aʼzolariga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi. Ayniqsa, keyingi besh yilda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar organlarida keng koʻlamli va puxta oʻylangan islohotlar amalga oshirildi.

Sohada amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy texnik vositalar bilan taʼminlangan, yuksak bilim va professional koʻnikmalarga ega vatanparvar kadrlarni oʻzida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati boʻla oladigan yangi tizim yaratildi.

Buni turli xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan jonajon yurtimizni jinoyatchilikdan holi, eng tinch va osoyishta mamlakatlar qatorida koʻp bora eʼtirof etilganida ham koʻrishimiz mumkin.

Kuni kecha Prezidentimiz Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigida “Men Yangi Oʻzbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl oʻgʻlonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, maʼnaviy va maʼrifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, xalqimizning chin maʼnodagi himoyachilari ekaningizga qatʼiy ishonaman”, deb soha xodimlari faoliyatiga yuksak baho berdilar.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonov