Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Razzaqovich Bobojonovning "21 mart – Navro'z umumxalq bayrami munosabati bilan" bayram tabrigi

22.03.2021

Navro'z insoniylik, mehr-muruvvat, mehnatsevarlik, sabr-toqat kabi qadriyatlarni namoyon etib, ming yillar mobaynida nishonlanib kelayotgan Sharq xalqlarining bahor bayramidir.

Ushbu qutlug' ayyomda o'z hayotini Vatan himoyasidek ulug' va olijanob ishga bag'ishlagan Siz, azmu shijoatli ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, aziz faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan xodimlarning oila a'zolarini 21 martNavro'z umumxalq bayrami munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Navro'z tinchlikni, sihat-salomatlikni qadrlab, asrab-avaylab yashashga da'vat etadi. Tinchlik va sog'liqni asrasak, qolgan narsalarga albatta erishamiz”, deya alohida ta'kidlaganlar.

Qadimiy va navqiron navro'zi olamni yurtimizda yangilanish, tinchlik va do'stlik bayrami sifatida keng nishonlash ezgu an'anaga aylangan.

U o'zining o'lmas ruhi, umuminsoniy g'oyalari bilan insoniyat hayotidan tobora chuqur o'rin egallamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bilan 21 mart – butun dunyoda Xalqaro Navro'z kuni sifatida keng nishonlanayotganligining o'ziyoq mazkur Sharq Yangi yili naqadar ulkan qadriyat ekanligini anglatadi.

Aziz ichki ishlar organlari xodimlari! Sizlarning vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, obodligi va barqarorligi hamda xalqimiz farovonligi yo'lida olib borayotgan mas'uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar hamroh bo'lsin.

Barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, baxt-saodat, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Navro'z har bir oila, har bir xonadonga quvonch olib kelsin.

 

Vazir
general-leytenant                                            P.R. Bobojonov