Ichki ishlar vazirining O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan yo'llagan BAYRAM TABRIGI

09.12.2020

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R. Bobojonovning
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan

BAYRAM TABRIGI

Hurmatli hamkasblar!

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini, aziz faxriylarini hamda xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan xodimlarning oila a'zolarini samimiy tabriklayman.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqimizning ko'p yillik orzu-intilishlarini, mustaqil davlatchiligimizning huquqiy asosini o'zida mujassam etgan oliy hujjat sifatida barchamiz uchun qadrlidir.

Asosiy qonunimiz bo'lgan Konstitutsiya mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda yurtimizning dunyoda munosib o'ringa ega bo'lishida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda.

Barchamizga yaxshi ma'lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar avvalo inson manfaatlari, uning daxlsizligiga qaratilib, mazkur jarayonda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta'minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ichki ishlar organlarining munosib o'rni bor.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 oktyabr` – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan yo'llagan tabrigida “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo'lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar organlaridir” deb alohida ta'kidladilar. Darhaqiqat, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar bosh qomusimizda belgilangan xalqchillik tamoyillari asosida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Fursatdan foydalanib barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga to'kinlik va qut-baraka tilayman.

Yurtimizda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek mas'uliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar tilab qolaman.

 

Vazir

general-leytenant                                                                             P.R. Bobojonov