YPX xodimi hujjatlarni tekshirishda aniqlangan barcha huquqbuzarlik bo‘yicha chora ko‘radi
Hukumat qarori (173-son, 12.04.2022 y.) bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
❗️Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda YPX xodimi transportni hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatganda, tekshirish jarayonida aniqlangan barcha huquqbuzarliklar bo‘yicha chora ko‘radi.
Ilgari faqat hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidalar buzilishi bo‘yicha chora ko‘rilgan.
Haydovchi YPX xodimining dislokatsiyasi ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanishishi mumkinligiga oid norma chiqarib tashlandi.
Bunda dislokatsiya bilan tanishish uchun saf bo‘limiga murojaat etish orqali yozma ma’lumot olishni talab qilish mumkin.
Shuningdek, nizomga haydovchilarning alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash tartibi kiritildi.
Mastlik holati alkotester yordamida hodisa joyida aniqlanishi mumkin. Tekshiruv kamida 2 ta xolis ishtirokida amalga oshiriladi (kuzatuv kamerasidan (body camera) foydalanilgan hollar mustasno).
Tekshiruvda etanol bug‘ 0,135 milligramm va undan ko‘p bo‘lganida haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Transportlarning tusi o‘zgartirilgan (tonirovka) oynalari me’yorlariga javob berishiga aniqlik kiritish uchun taumetr moslamasidan foydalaniladi.