Maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar elektron yuritiladi

31.07.2021

“Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni yuritishning elektron tizimini joriy etish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Hukumat qarori (431-son, 08.06.2021 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisida yagona elektron ish yurituv tizimi (“E-mamuriy ish” tizimi) orqali maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi boʼyicha nizom tasdiqlandi.

Unga koʼra, maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni vakolatli organlar tomonidan tekshirish, zarur maʼlumotlarni olish hamda ulardan foydalanish “E-mamuriy ish” tizimi orqali amalga oshiriladi.

Ichki ishlar vazirligi “E-mamuriy ish” tizimini tashkil etish, uning sifatli va uzluksiz faoliyat koʼrsatishini taʼminlash boʼyicha masʼul organ etib belgilandi.

Qarorga koʼra, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga hamda protsessning boshqa ishtirokchilariga (jabrlanuvchi, guvoh, xolislar va boshqa ishtirokchilarga) ishni koʼrib chiqish vaqti va joyi haqida elektron xabarnoma yuborish mexanizmi ishlab chiqiladi.

2021 yil 1 sentyabrgacha sud qarori bilan yoki boshqa sabablarga koʼra bekor qilingan maʼmuriy jarimalarni yoki kamaytirilgan jarimaning farqi summasini avtomatlashtirilgan tarzda fuqarolarga qaytarish mexanizmi yaratiladi.

Nizomga koʼra, quyidagilar maʼmuriy ishlarni yuritishda hisobga olish elektron hujjatlari hisoblanadi:

- maʼmuriy bayonnoma;

- maʼmuriy jazo qoʼllash toʼgʼrisidagi qaror.

Maʼmuriy jazo qoʼllash toʼgʼrisidagi qaror “E-mamuriy ish” tizimi orqali elektron hujjat shaklida chiqariladi hamda ijro etish uchun huquqbuzarga yetkazib beriladi.

Huquqbuzar unga maʼmuriy jazo qoʼllash toʼgʼrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda toʼlagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini toʼlashdan ozod etiladi.

Shuningdek, avtomototransportlarni jarima maydonchalariga qoʼyish hamda chiqarish sud yoki vakolatli organlarning tegishli qarori asosida “E-mamuriy ish” tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Аgar maʼmuriy jazo qoʼllash toʼgʼrisidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 3 oy davomida ijro etishga qaratilmagan boʼlsa, bunday qaror ijro etilmaydi.

Maʼmuriy ishlarni yuritishda qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazorati “E-mamuriy ish” tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.