Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi
Qonun (O‘RQ–753-son, 15.02.2022 y.) bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
🔰 Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda (224-1-modda) qo‘llanilgan jarimani to‘lamasa, O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuboriladi.
Ilgari jarima to‘lashidan qat’i nazar O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.
▶️ Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilganda keyinchalik O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanish muddatini qo‘llashga aniqlik kiritildi.
❗️Shunga ko‘ra, davlat chegarasi rejimini birinchi marta buzib o‘tganda 1 yil muddat, ikkinchi marta sodir etilganda 3 yil muddat O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanadi.
🔘 Qonun bilan shuningdek, quyidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari ko‘rib chiqishi belgilandi:
➖ chegara zonasiga, shuningdek fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish hamda ularda yashash qoidalarini buzish (224-modda);
➖ Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish (224-1-modda 1-qismi).
✍️ Eslatib o‘tamiz, ma’muriy tarzda chiqarib yuborish jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llaniladi.