Milliy gvardiyaga bir qator vakolatlar berilmoqda

21.04.2022

Milliy gvardiya xodimlariga maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzganlar, voyaga yetmaganlarni tungi vaqtda koʼngil ochish (dam olish) joylarida boʼlishiga yoʼl qoʼyganlar, jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichganlar va boshqalarni jarimaga tortish vakolati berilmoqda.

Jumladan, Milliy gvardiya organlari Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning quyidagi moddalari boʼyicha huqubuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqishga va jarima tariqasidagi maʼmuriy jazo choralarini qoʼllashga haqli ekanligi belgilanmoqda:

          187-moddasining birinchi qismi (Jamoat joylarida alkogolь maxsulotini isteʼmol qilish);

          188-modda (Voyaga yetmagan shaxsni gʼayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);

          188−2-modda (Voyaga yetmagan shaxsning koʼngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda boʼlishiga yoʼl qoʼyish);

          192-modda (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) boʼyicha.

Shuningdek, Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslari MjTKning 61, 183, 184−2, 184−3, 185, 185−1 (bojxona toʼgʼrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʼliq huquqbuzarliklardan tashqari) 185−2, 185−3, 186-moddalarida, 187-moddaning ikkinchi qismida, 188−1, 188−3, 189, 189−1, 190, 191, 194−1, 195−1, 196 (Milliy gvardiyaga tegishli qismi boʼyicha) va 210−1- moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huqubuzarliklarni aniqlagan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisida bayonnoma tuzadi va belgilangan tartibda sudga koʼrib chiqish uchun yuborishi belgilanmoqda.

Loyiha deputatlar tomonidan birinchi oʼqishda qabul qilindi.

Eslatib oʼtamiz, prezidentning 29 noyabrdagi farmonida Milliy gvardiyaga ichki ishlar organlari bilan bir qatorda jamoat tartibini muhofaza qilish sohasida sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqish vakolatlarini ham berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.