Milliy haydovchilik guvohnomasini Rossiyadagi konsullik muassasalari orqali yangisiga almashtirish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (667-son, 02.11.2021 y.) bilan Oʼzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi konsullik muassasalarida Oʼzbekiston Respublikasining eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi boʼyicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʼra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali Ichki ishlar vazirligining Yoʼl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.
Talabgor eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qiladi.
Konsullik muassasasi talabgor nomidan soʼrovnomani toʼldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.
Yoʼl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etilgan maʼlumotnomani koʼrib chiqib, 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi hamda uni Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentiga (TIV KHD) yuboradi.
Shunga koʼra, TIV KHD haydovchilik guvohnomasini konsullik muassasasiga diplomatik pochta orqali taqdim etadi.
Konsullik muassasasi 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini egasiga beradi yoki asoslangan sabablarga koʼra uni rad etadi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun quyidagilar undiriladi:
- BHMning 70 foizi miqdorida toʼlov;
- 20 АQSh dollari miqdorida konsullik yigʼimi;
- 20 АQSh dollari miqdorida haqiqiy xarajatlarning oʼrnini qoplash uchun yigʼim.