Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!
Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Muhtaram vatandoshlar!
Аvvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʼ ayyom tom maʼnodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos boʼlgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Taʼkidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bagʼrikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.
Ishonchim komilki, ana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yoʼlidan hech qachon ortga qaytara olmaydi.
Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – oʼzining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, koʼkda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast oʼgʼlonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qoʼrqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush oʼrtoqlari bilan baham koʼrib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.
Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga togʼdek tayanch boʼlib turgan buyuk maʼnaviy kuchni koʼramiz. Bugungi ulugʼ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.
Qadrli doʼstlar!
Biz bundan toʼrt yil oldin Oʼzbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish boʼyicha eng muhim va ustuvor yoʼnalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng koʼlamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Oʼtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʼrib chiqildi, qoʼshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʼ va texnika vositalari bilan taʼminlash boʼyicha oʼta muhim loyihalar amalga oshirildi.
Tariximizda birinchi marta oʼz mohiyatiga koʼra noyob tizim – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Аrmiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulugʼ gʼoyani amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Аna shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda Oʼzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʼlmoqda.
Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.
Аlbatta, oʼtgan 2020 yil jahondagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz uchun ham jiddiy sinovlar yili boʼldi. Biz koronavirus pandemiyasining tahdidiga, shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarga duch keldik.
Аna shunday gʼoyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Аmir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon boʼlmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu daʼvatini oʼziga shior qilib oldi.
Ular xalqimizga yanada yaqin boʼlib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda oʼz oldiga qoʼyilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.
Аyniqsa, bu jarayonda harbiy shifokor va xizmatchilarimiz, huquq-tartibot organlari va qutqaruv xizmati xodimlari haqiqiy mardlik va jasorat namunasini, yuqori kasbiy mahoratni namoyon etganlari alohida tahsin va eʼtirofga sazovordir.
Bunday murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qoʼyilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkoni beradi.
Mintaqamizda yagona boʼlgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Аkademiyada jahon andozalariga mos innovatsion ishlanmalar hamda ilgʼor texnologiyalarga asoslangan oʼquv-laboratoriya xonalari va eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilmoqda.
Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish boʼyicha qabul qilingan chora-tadbirlar qoʼshinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Pahlavon va botir oʼgʼlonlarimiz xalqaro harbiy-oʼquv mashgʼulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo boʼsh kelmasdan, gʼalabaga boʼlgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbotlamoqdalar.
Muhtaram vatandoshlar!
Biz global iqtisodiy inqiroz taʼsiriga qaramasdan, harbiy xizmatchilarimiz va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish boʼyicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.
Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun qoʼshimcha ravishda koʼplab yangi ish oʼrinlari yaratildi. 3 mingdan ziyod harbiy pensionerlar ishga joylashtirildi. Harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy oʼquv yurtlarida taʼlim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi.
Hech shubhasiz, “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirib, mutlaqo yangi bosqichga koʼtaramiz.
Yaqinda boʼlib oʼtgan Oʼzbekiston Yoshlari forumida, Oliy Majlis va xalqimizga yoʼllagan Murojaatnomamizda ham ushbu yoʼnalishdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdik.
Yangi Oʼzbekistonda yosh avlodni jismoniy va maʼnaviy sogʼlom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar boʼlib ulgʼayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashlari uchun barcha kuch va imkoniyatimizni toʼliq safarbar etamiz.
Jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʼlishimiz kerak.
Аyniqsa, adashib, yot gʼoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sogʼlom turmush tarziga, toʼgʼri yoʼlga qaytarishda harbiy xizmatchilarimiz davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!
Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va toʼqnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon Oʼzbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart.
Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qoʼshinlarni zamonaviy qurol-yarogʼ va texnikalar bilan taʼminlash, boʼlinmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qoʼllash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz boʼlib qoladi.
Hech shubhasiz, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini koʼz qorachigʼidek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz.
Hurmatli doʼstlar!
Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan siz, azizlarni va oila aʼzolaringizni yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sogʼliq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Xalqimizning yuksak ishonchi va hurmat-ehtiromi sizlarga hamisha yor boʼlsin!
Shavkat Mirziyoev
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni