O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.R. Bobojonovning bayram tabrigi

14.01.2021

Hurmatli hamkasblar!

Ushbu qutlug' ayyomda, azmu shijoatli ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari, ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, aziz faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan xodimlarning oila a'zolarini O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda 14 yanvar` – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Bu yilgi bayram “Kim vatanga sodiq bo'lsa, mendirman o'sha!” degan ulug'vor g'oya ostida o'tkazilmoqda.

Mazkur ayyomning mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanishi O'zbekistonda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroda, ayniqsa yosh avlodda yurt taqdiriga daxldorlik hamda uning ravnaqi uchun xizmat qilish tuyg'ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoev Qurolli Kuchlarimiz to'g'risida “Bugungi kunda milliy armiyamiz yurtimizning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, fuqarolarimizning tinchligi va sarhadlarimizning daxlsizligini saqlash, buyuk kelajagimiz bo'lmish yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas'uliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi etakchi institutga aylandi” deb ta'kidlaganlar.

Darhaqiqat, so'nggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz jadal rivojlanib, har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanib bormoqda.

Ushbu islohotlarga hamohang tarzda ichki ishlar organlarida ham keng ko'lamli tadbirlar amalga oshirilib, tizimni ixcham, mobil`, professional tuzilmaga aylantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bunday natijalarga erishishda o'z burchiga, kasbiga, vataniga sadoqatli, xalq manfaatlari yo'lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan hamkasblarimiz munosib hissa qo'shayotganligini faxr bilan e'tirof etamiz.

Ishonchim komilki, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari bundan buyon ham har qanday vaziyatlarda sharafli burchlariga sodiq qolib, Vatanimizni ko'z qorachig'idek asrab, bu yo'lda bor bilim va kuch-g'ayratlarini safarbar etib, doimo xalqimiz va Davlatimiz rahbarining ishonchiga munosib bo'ladilar.

Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni yana bir bor ushbu ayyom bilan tabriklab, mas'uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman.

 

O'zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vaziri
general-leytenant P.R. Bobojonov