O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi

01.01.2021

Muhtaram vatandoshlar!

Betakror diyorimizga yangi – 2021 yil kirib kelmoqda.

Siz azizlarni, mo‘’tabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimizni – ko‘p millatli butun xalqimizni ushbu go‘zal ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.

Aziz do‘stlar!

Hammamiz guvohmiz, 2020 yil butun dunyo qatori yurtimiz uchun ham og‘ir va murakkab keldi. Koronavirus pandemiyasi, global inqiroz insoniyatni jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatga qaramasdan, mard va olijanob xalqimizning matonati, fidokorona mehnati bilan barcha sohalarda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik.

Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirishga erishdik. Yuqori texnologiyalarga asoslangan o‘nlab yangi korxonalar, transport tizimlari ishga tushirildi. Zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘cha va maktablar, shifoxonalar, madaniyat va san’at, sport maskanlarini barpo etdik.

Mirishkor dehqon va fermerlarimiz barcha qiyinchiliklarni mardona yengib, mo‘l hosil yetishtirdilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar ochildi. Yil davomida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

O‘tib borayotgan yil jamiyatimizning ma’naviy-ma’rifiy hayotida ham muhim voqealarga boy bo‘ldi.

Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlikni yanada kuchaytirdik. O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Biz kirib kelayotgan 2021 yilga yaxshi niyat va katta rejalar bilan Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb nom berdik.

Yangi yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz.

Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

Xalqimizning turmush farovonligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida ahamiyat beramiz.

Aziz yoshlarimiz, mehnatkash va oqila opa-singillarimiz, muhtaram keksalarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yangi bosqichga ko‘tariladi.

2021 yilda davlatimiz mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Ushbu shonli sanani, inshoolloh, barchamiz birgalikda munosib nishonlaymiz.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan ulkan ishlarimizni qat’iy davom ettiramiz.

Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!

Shu go‘zal oqshomda barchamizning niyatimiz, tilagimiz bitta:

yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin!

Jonajon O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin, dunyomiz tinch bo‘lsin!

Kirib kelayotgan 2021 yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti