Oʻzbekistonda jarima miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan miqdordan yuqori boʻlmasligi tasdiqlanmoqda

19.06.2023

Bugun, 19-iyun kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Dastlab «Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida»gi qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan.

Bu esa, yetarli samara bermayotgani bilan birga qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy boʻshliqlarga zamin yaratmoqda.

Mazkur Qonun yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish bilan birga ushbu sohani tartibga soluvchi yagona qonun sifatida ishlab chiqilgan.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish nafaqat adliya organlari, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, vakolatli organlarning ushbu sohadagi asosiy faoliyat yoʻnalishlari hamda korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar doirasi aniq belgilanmoqda.

Qonun bilan belgilanayotgan ahamiyatli qoidalaridan biri bu qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda jamoatchilik ishtirokining mustahkamlanayotganidir.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning sifati oshishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, majlisda «Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan maʼmuriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida»gi Qonun ham muhokama qilindi.

Qonunni qabul qilish uchun qator omillar yuzaga kelgan. Jumladan, amalda undirilishi lozim boʻlgan qarzdorlik 100 ming soʻm boʻlsayu, ushbu jarima miqdori oʻz vaqtida toʻlanmasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu summaga nisbatan bir necha marta yuqori jarima belgilanishi mumkin. Bu hol tabiiyki, fuqarolarning toʻlov qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularning noroziligini keltirib chiqaradi.

Shu bilan birga, belgilangan jarimalarni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun bugungi kunda barcha ijrochilarga maʼmuriy jarimaga tortish vakolati mavjud. Bu holatlar ham turli suiisteʼmolchilik va aholi noroziligiga sabab boʻlmoqda.

Ushbu Qonun bilan MJtKning 1981-moddasiga jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Eng asosiysi, MJtKning tegishli moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga hamda maʼmuriy jazo qoʻllashga vakolatli boʻlgan shaxslar doirasi qisqartirilib, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning oʻrinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari haqli ekanligi toʻgʻrisidagi oʻzgartirish kiritilmoqda.

 Senatorlar tomonidan qayd etilishicha, mazkur Qonun mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash bilan birga jarimalarni toʻlashda ularga yengilliklar berilishiga xizmat qiladi.

 Muhokamalar natijasida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilinib, masʼul tashkilot va idoralarga tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.