Profilaktika inspektorlari yurisprudentsiya yoʼnalishi mavjud davlat OTMga oʼqishga imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin
“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yoʼnalishdagi bilimlarini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–23-son, 30.11.2021 y.) qabul qilindi
Qarorga koʼra, 2022/2023 oʼquv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega boʼlgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi taʼlim shakliga oʼqishga qabul qilinadi:
– Jamoat xavfsizligi universitetiga;
– Toshkent davlat yuridik universitetiga;
– yurisprudentsiya sohasida bakalavriat taʼlim yoʼnalishi mavjud boʼlgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Аkademiyasi hamda Davlat bojxona qoʼmitasining Bojxona instituti bundan mustasno).
Bunda profilaktika (katta) inspektorlariga oʼqishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan oʼtkaziladi.
Tavsiyanomalar OTM oʼrtasida teng taqsimlanadi.
Oʼqishga qabul qilish toʼlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablagʼlari respublika byudjeti mablagʼlari hisobidan toʼlab beriladi.
Tavsiyanomaga ega profilaktika (katta) inspektorlari OTMning sirtqi taʼlim shakliga qabul parametrlaridan tashqari oʼqishga qabul qilinadi.
Qarorga koʼra, 2022 yil 1 maygacha 100 nafar profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanoma berilishi nazarda tutilgan.
Tavsiyanoma asosida OTMda sirtqi taʼlim shaklida oʼqigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida 5 yil xizmat oʼtab berish majburiyati yuklatiladi.