Profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” tarzda qatnashish amaliyoti joriy etiladi

05.04.2021

“Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–5050-son, 02.04.2021 y.) qabul qilindi. 

Qarorga koʼra:

Bevosita joylarga chiqqan holda profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni oʼrganish hamda bartaraf etish boʼyicha “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi yoʼlga qoʼyiladi.

2021 yil 1 sentyabrgacha profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʼyicha ish yurituvi toʼliq elektron shaklga oʼtkaziladi va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” tarzda qatnashish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi patrulь-post xizmati batalьonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita boʼysunuvidan chiqarilib, toʼgʼridan-toʼgʼri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga oʼtkaziladi va ularning kunlik xizmati mahallalar kesimida yoʼlga qoʼyiladi.

Jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʼliq holatlar yuzaga kelganda poytaxtdagi barcha ichki ishlar organlari faoliyati, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʼyicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi.

Shunga koʼra, Jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari boʼyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.

Shuningdek, qaror bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazi tashkil etildi.

Markaz poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qiladi.

Qaror bilan Mahalla huquq-tartibot maskani toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Manba: (t.me/huquqiyaxborot)