Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

09.07.2023

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʼRQ–851-son, 07.07.2023 y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga oʼzgartishlar kiritildi.

Shunga koʼra:

Muvofiqlikni baholash qoidalarini muvofiqlikni baholash organlari tomonidan buzish, agar bu texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga olib kelsa:

mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda (3 mln 300 ming soʼmdan 13 mln 200 ming soʼmgacha) jarima solishga sabab boʼladi.

Mazkur huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa:

mansabdor shaxslarga BHMning 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda (13 mln 200 ming soʼmdan 26 mln 400 ming soʼmgacha) jarima solishga sabab boʼladi.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash boʼyicha Bosh davlat inspektori va uning oʼrinbosarlari BHMning 80 baravarigacha miqdorda (26 mln 400 ming soʼmgacha) jarima solish tarzidagi maʼmuriy jazo choralarini qoʼllashga haqliligi belgilandi.

Ilgari BHMning 7 baravarigacha edi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʼtgach kuchga kiradi.