Xavfsiz yo‘l - osoyishta kun va yangi g‘oyalar muqaddimasi. Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonov bilan suhbat

19.02.2022

Prezidentimiz raisligida 11 fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmas mavzu — yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash masalasi muhokama qilindi.

Jumladan, davlatimiz rahbari bu sohadagi tizimli muammolarni tanqid qilib, ularning yechimi bo‘yicha ustuvor yo‘nalish va dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Sohadagi muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat BOBOJONOVga savollar bilan murojaat qildik.

— Taʼkidlash joizki, o‘tgan davrda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida bir qator zamonaviy ish uslublari va inson omilini cheklovchi raqamli texnologiyalar joriy etildi, — dedi P.Bobojonov. — Masalan, fuqarolar bilan bevosita muloqotni cheklash uchun xodimlarga planshetlar, bodikameralar tarqatildi va qoidabuzarliklarni elektron tarzda rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Yo‘llarga 367 ta radar va 1584 ta videokamera (shundan 430 tasi qoidabuzarlikni aniqlovchi) o‘rnatildi. Jumladan, Toshkent shahridagi 111 ta chorrahaga 1020 ta videokamera o‘rnatilib, shahar IIBBning situatsion markaziga integratsiya qilindi. Fuqarolarga qulaylik yaratish uchun davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, avtomashina oynalari tusini o‘zgartirish uchun ruxsat berildi. Haydovchilardan imtihon olish jarayonini jamoatchilik tomonidan, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali kuzatish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlarga avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyatini yuritish va o‘z hisobidan yo‘llarga radar o‘rnatish uchun ruxsat berildi.

Tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida 4 mingdan ortiq xodim attestatsiyadan o‘tkazildi, oxirgi 3,5 yilda yo‘llarda xizmat olib boruvchi yo‘l-patrul xizmati xodimlarining deyarli 70 foizi to‘liq almashtirildi. Fuqarolarning ovoragarchiligi oldini olish uchun 31 ta YPX maskani qisqartirildi.

Lekin tahlillar va o‘rganish natijalari mazkur sohada bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ochiq tan olish kerak, bugungi kunda yo‘llarda fuqarolar uchun xavfsiz sharoit yaratish, haydovchilarni tayyorlash va harakatlanish madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlar talabga to‘liq javob bermaydi. Xususan, har yili yo‘llarimizda 10 mingtagacha avtoavariya sodir etilmoqda. Buning oqibatida o‘tgan yili 2,5 mingga yaqin kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumdi, 9 mingdan ortiqrog‘i turli darajadagi tan jarohati oldi.

Bunday yo‘l-transport hodisalariga, asosan, haydovchilarni o‘qitish sifati, qoidabuzarlarga nisbatan jazo choralari yetarli emasligi, haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga qasddan amal qilmasligi, shuningdek, yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda. Qonun-qoidalarni mensimaslik shu darajaga borib yetganki, hatto 13 mingdan ziyod fuqaro haydovchilik guvohnomasi bo‘lmay turib, yana mast holda transport vositasini boshqargan.

Avariyalarning 20 foizi tezlikka rioya qilmaslik, 25 foizi yo‘llardagi kamchiliklar, 47 foizi piyoda ishtirokida, 10 foizi haydovchilar tajribasizligi, 8 foizi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish, 6 foizi veloyo‘lak bo‘lmagani oqibatida sodir etilgan.

Yuqoridagi tahlillar yo‘l-transport hodisalarining salmoqli qismi piyodalar, ayniqsa, bolalar ishtirokida sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Buning oqibatida o‘tgan yili 965 piyoda, jumladan, 263 bola vafot etgan.

— Aynan bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Prezidentimizning 2019 yilda Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida o‘tgan davrda dastlab Jizzax viloyatida, so‘ngra respublikaning boshqa hududlarida jami 380 ta umumtaʼlim maktabida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish bo‘yicha maxsus sinfxonalar, 167 ta maktabda yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari tashkil etildi. Mazkur sharoitlardan foydalanib, maktablarda o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha zaruriy tushunchalar berilmoqda, yo‘llarda o‘zini xavfsiz tutish yuzasidan ko‘nikmasi shakllantirilmoqda. Lekin bu ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktab qamrab olingan, xolos.

Bu borada keng jamoatchilik fikri o‘rganilib, bir qator takliflar ishlab chiqildi. Birinchi bosqichda mamlakatimiz bo‘yicha barcha maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi maxsus sinfxonalar tashkil etilib, “Yo‘l harakati xavfsizligi” fanini o‘qitish taklif qilinyapti. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, dastlab har bir viloyatda bolalarni qiziqtiruvchi attraksionlar, yo‘l harakati qoidalariga moslashtirilgan bittadan “Yo‘l harakati xavfsizligi istirohat bog‘lari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o‘tgan yo‘lning 300 metr masofasida transport vositalari harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishi uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor.

Keyingi bosqichlarda esa har bir mahallada yo‘l harakati qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda Norvegiya, Germaniya, Niderlandiyada bo‘lgani kabi jamoat transporti va velosipedlardan ko‘proq foydalanishni aholiga taʼsirchan tarzda tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Albatta, buning uchun jamoat transporti imijini ko‘tarish, veloyo‘laklar tashkil etish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hokimliklar, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Transport vazirligi bilan birga mahallalarda ish olib borishimiz kerak bo‘ladi.

— Yig‘ilishda yo‘llar infratuzilmasidagi kamchiliklar ham tanqid ostiga olindi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rish kerak?

— Avtoavariyalar tahlili o‘tgan yili har beshinchi yo‘l-transport hodisasi yo‘llarda munosib infratuzilma va xavfsiz harakatlanish uchun zarur sharoitlar yaratilmagani sababli sodir etilganini ko‘rsatmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi o‘rganishlar bugungi kunda bir qator muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

Xususan, 2248 kilometr yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan. 3571 kilometr piyodalar yo‘lagi, 2337 kilometr veloyo‘lak tashkil etilmagan, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridan 2731 tasi yoritilmagan. Shuningdek, 1835 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2904 ta joyda sunʼiy notekisliklar yaratish, 750 ta svetofor o‘rnatish zarurati mavjud.

Bugun yo‘llarda 200 mingta yo‘l belgisi yetishmaydi, mavjud 105 mingdan ziyodi esa zamonaviy turdagi yo‘l belgilariga almashtirilmagan. Mahalliy hokimliklar huzuridagi yo‘l harakatini tashkil etish, maxsus o‘rnatish va foydalanish bo‘linmalari mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini taʼminlab bermoqda. Xususan, 2019-2021 yillarda respublika bo‘yicha o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 610 mingta yo‘l belgisidan 304 ming 775 tasi talabga javob beradi, xolos. Bundan tashqari, birgina Toshkent shahrining o‘zida aholi gavjum joylarda 25 ta yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joyini qurishga ehtiyoj bor.

Shuning uchun ham videoselektor yig‘ilishida muhim yangilik — hokimliklarning Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarini Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Endi ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida tubdan takomillashtirishimiz lozim bo‘ladi.

Yo‘l belgilarini o‘rnatish va yo‘l chiziqlari chizish faoliyati autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi. Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika hamda viloyat jamg‘armalari tashkil etiladi. Shuningdek, yo‘l belgilarini ishlab chiqish sohasida monopoliya bekor qilinib, ushbu tizim tubdan takomillashtiriladi va sohada raqobat muhiti yaratiladi.

Kelgusida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridagi yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari yorug‘lik qaytaruvchi, yaxshi ko‘rinadigan materiallardan tayyorlanadi, ularning tungi paytda yoritish va ko‘rinish darajasi yaxshilanadi. Bunda joylarga haydovchilar tomonidan piyodalarga yo‘l bermaslik bo‘yicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi maxsus videokameralar o‘rnatiladi. Tartibga solinmagan hamda xavfli yo‘lni kesib o‘tish joylarida piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.

— Haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?

— Bu borada Janubiy Koreya, Germaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi o‘rganib chiqildi. Shuningdek, mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash, o‘qitish amaliyoti, yaratilgan sharoit, nazorat tizimi, mavjud imkoniyatlar joylarga chiqqan holda o‘rganildi.

Ochiq aytish kerakki, ahvol achinarli. Xususan, hozir faoliyat yuritayotgan 1348 ta o‘quv tashkilotining 745 tasida o‘z binosi, 1277 tasida o‘z o‘quv avtodromi yo‘q. Ularning 41 foizi o‘quv-mashq avtomobilidan ijara asosida foydalanadi.

Shuningdek, haydovchilarni o‘qitish maktablarida nosog‘lom raqobat vujudga kelgan. Yaʼni ko‘proq o‘quvchilarni jalb qilish maqsadida o‘qitish uchun to‘lov miqdori kamaytirilgan. Bu esa o‘quv mashg‘ulotlarining sifatsiz o‘tkazilishi, haydovchida mashg‘ulotlarga qatnashmaslik kabi salbiy amaliyot shakllanishiga olib kelgan. To‘g‘risini aytganda, ayrim avtomaktablarning maqsadi sifatli taʼlim berish emas, balki daromad topishga qaratilmoqda.

Shuning uchun ham videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bergan topshiriqlardan kelib chiqib, haydovchilarni tayyorlash, imtihon qilish va ularning malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi, taʼlim sifati qatʼiy nazorat qilinadi. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, haydovchilarni tayyorlash faoliyatini amalga oshiruvchi barcha taʼlim subyektlari va imtihon markazlari tanqidiy o‘rganiladi. Haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim subyektlari va imtihon markazlariga bo‘lgan talab hamda mezonlar belgilanadi. Ularning bu turdagi faoliyatni amalga oshirishi uchun litsenziya berish vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkaziladi.

Avtomaktablarning o‘quv metodologiyasi, nazariy va amaliy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, o‘qituvchi va murabbiylarini qayta tayyorlash, malakasini oshirishga esa IIV akademiyasi masʼul etib belgilanadi. Bundan buyon haydovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarning elektron bazasi, shuningdek, har bir haydovchi hamda avtomaktablarning reytingi yuritiladi.

— Davlatimiz rahbarining yo‘l harakatini tashkil etish va nazorat qilish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha topshirig‘i bajarilishi ham ahvolni tubdan yaxshilagan bo‘lardi.

— Ha, Prezidentimiz bejiz bu og‘riqli masalaga alohida to‘xtalmadi. Respublikamizdagi 2752 ta chorrahaning bor-yo‘g‘i 145 tasi yoki 5 foizi zamonaviy kameralar bilan jihozlangan, xolos. Bu esa yo‘l harakatini tashkil etish va nazorat qilib borish, chorrahalardagi tirbandliklar to‘g‘risida maʼlumotlarni olish hamda bartaraf etish uchun imkoniyatlarni cheklab qo‘ymoqda. Shuning uchun bu sohada eng ilg‘or hisoblangan Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajriba-si o‘rganib chiqildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yo‘l uchastkalari va chorrahalarini 1491 ta aqlli svetofor, 4473 ta intellektual kamera, tezlikni nazorat qiluvchi 720 ta qurilma bilan jihozlash zarur. Mazkur vositalar hokimliklar yordamida xarid qilinib o‘rnatilgan taqdirda xuddi Toshkent shahridagi kabi Avtomobil harakatini nazorat qilish va kuzatib borishning yagona markazlashgan va kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi har bir viloyatda tashkil etilib, integratsiya qilinadi.

— Prezidentimiz yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ichki ishlar organlari oldiga qanday vazifalar qo‘yildi?

— Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilik xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi. Bunda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, deputatlar, shuningdek, aholining takliflari va tavsiyalari inobatga olinadi. Jumladan, transport vositasini mast holda boshqarganlik va inson hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan boshqa qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari ilg‘or xalqaro tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Transport vositasini qasddan tartibsiz boshqarish, o‘zboshimchalik bilan harakat qatnashchilarini to‘xtashga majbur qilish orqali xavfni yuzaga keltirganlik (“yo‘l bezoriligi”) uchun javobgarlik belgilanadi. O‘qitmasdan va o‘rgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berganlik uchun ham jazo choralari ko‘zda tutiladi.

Sir emas, so‘nggi paytlarda yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyatiga noqonuniy aralashish, to‘sqinlik qilish, hatto qarshilik ko‘rsatish holatlari ham kuzatilayotgan edi. Endi bunday holatlarning oldini olish choralari ko‘riladi. Soha vakillarining shaxsiy himoya va faol mudofaa vositalaridan foydalanish borasidagi huquqlari kengaytiriladi.

Tegishli qonun hujjatlari kuchga kirgach, hududiy yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash boshqarmalari boshliqlarining sohada olib borilayotgan ishlar va ularni takomillashtirish borasidagi axboroti har oyda mahalliy Kengashlarda muhokama qilib boriladi. Bundan tashqari, haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi. Agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ball umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga esa bonus ballari hisoblab boriladi.

Oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifa xalqaro standartlardan kelib chiqib, Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqishdan iborat. Unda, jumladan, Toshkent shahri va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda transport vositalari harakatlanishining tezlik cheklovlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Bevosita amaliy chora-tadbirlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha hududiy 14 ta “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Ularda yo‘l infratuzilmasida mavjud muammolar va “avariya o‘choqlari” tahlil qilingan holda, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha tuman (shahar) lar kesimidagi manzilli chora-tadbirlar belgilanadi. Avtomobil yo‘llarida transport harakatini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish faoliyati raqamlashtiriladi. Zamonaviy o‘quv xonalari, nazariy va amaliy o‘quv inventarlari hamda to‘laqonli o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan avtomaktab va imtihon markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Viloyatlar, keyinchalik boshqa shahar (tuman) markazlaridagi serqatnov chorrahalar raqamli boshqaruvga o‘tkaziladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini takomillashtirish borasidagi ishlar har oy Oliy Majlis palatalarida muhokamadan o‘tkazib boriladi. Ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlarini yana-da jadallashtiramiz. Qolaversa, aholi, ayniqsa, yoshlarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishimiz kerak. Xullas, oldimizda qator dolzarb, masʼuliyatli vazifalar turibdi.

Jumladan, o‘zining shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yayotgan nopok xodimlardan tizimni tozalash choralari bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi. Bu borada shaxsiy tarkib orasida xizmat intizomi va qonunchilikka so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaviy omillarga barham berish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi. Soha faoliyatiga sunʼiy intellektga asoslangan inson omili taʼsirini cheklovchi raqamli texnologiyalarning joriy etilishi xodimlar tomonidan fuqarolar bilan manfaatli muloqotga kirishish holatlariga barham beradi. Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati bo‘yicha fuqarolar orasida so‘rov o‘tkazib boriladi va shu asosda tegishli xulosalar qilinadi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash uchun xodimlarning ishga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga, yangicha tizim asosida, o‘z kasbiga vijdonan yondashib xizmat qilishlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni so‘zsiz bajarish uchun Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlarining imkoniyati ham, salohiyati ham yetarli.

 “Yangi O‘zbekiston” muxbiri Lutfulla SUVONOV suhbatlashdi.