Jamoat xavfsizligi kontseptsiyasi tasdiqlandi
"Oʼzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi kontseptsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida" Prezident Farmoni qabul qilindi. (29,11,2021 y.)
Farmonda belgilangan vazifalarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash jamoat xavfsizligini taʼminlovchi davlat organlarining shaxsan birinchi rahbarlariga yuklatildi.
Respublika hududidagi ommaviy tadbirlarni oʼtkazishda hamda istirohat bogʼlari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlashni tashkil etish bevosita Milliy gvardiya boʼlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
2022-2023 yillarda tuman IIO tarkibidagi konvoy boʼlinmalari bosqichma-bosqich viloyat IIOning bevosita boʼysunuviga oʼtkazilib, yagona boshqaruv tizimi asosida tumanlararo xizmat oʼtash tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etiladi.
2022 yil 1 mayga qadar byudjetdan tashqari mablagʼlar hisobidan IIO konvoy faoliyatiga konvoy ostidagi shaxslarni elektron brasletlar orqali nazorat qilish tizimi joriy etiladi.
IIV tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti (keyingi oʼrinlarda – Departament)ning asosiy vazifalari belgilab berildi:
– IIO jamoat xavfsizligi boʼlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish hamda ularga amaliy-uslubiy yordam koʼrsatish;
– jamoat tartibini saqlash faoliyatini tashkil etish, jamoat joylarida aholining xavfsizligini taʼminlashda IIO kuch va vositalarini samarali boshqarish choralarini koʼrish;
– IIO huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini taʼminlash, profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish;
– voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish;
– yoʼl harakati xavfsizligini taʼminlash faoliyatini tashkil etish, yoʼl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, transport vositasini boshqarishga doir cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish;
– ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʼliq boʼlmagan jazolarni ijro etishni taʼminlash, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini nazorat qilish, ijtimoiy moslashtirish va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish ishlarini tashkil etish.