Fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi
Hukumat qarori (399-son, 22.07.2022 y.) bilan Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan “E-patrul” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.
Barcha ma’lumotlar elektron tekshiriladi va patrul-post xodimi faoliyati “bodikamera”ga tasvirga olinadi.
Nizomga ko‘ra, xodimlar quyidagi hollarda fuqaroni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki “E-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:
-shaxs jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilishga asos bo‘lsa;
-shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lsa;
-shaxsni ushlab turishga boshqa qonuniy asoslar bo‘lsa.
Xodim shaxsni to‘xtatganda uni to‘xtatganlik sabablari va asoslarini tushuntirishi shart.
Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan fuqaro quyidagi hollarda ichki ishlar organiga olib boriladi:
-uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni bo‘lmaganda;
-qidiruvda bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslar aniqlanganda;
-shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik ko‘rsatganda;
-jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlanganda.