Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish boʼyicha chora-tadbirlar toʼgʼrisida Hukumat qarori (407-son, 24.06.2020 y.) qabul qilindi.

28.06.2020

Qarorga muvofiq, “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisida yagona elektron ish yurituv” loyihasi bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

 

Loyihada, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:

  • maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni qoʼzgʼatish, koʼrib chiqish va bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va majburiy ijro byurosi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning elektron axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiyalashtirish;
  • maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritishda foydalaniladigan protsessual hujjatlarning yagona elektron bazalarini shakllantirish;
  • maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritishda ortiqcha bosqichlarni bekor qilish va muddatlarni qisqartirish orqali ish yuritish tartibini soddalashtirish.

 

Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirish va yuritish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilandi.

Loyihani Toshkent shahri hududida amalga oshirish doirasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi qoʼllaniladi.

Unga koʼra, vakolatli mansabdor shaxs huquqbuzarlikni aniqlashi bilan birgalikda maxsus mobilь qurilma (planshet) orqali maʼmuriy bayonnomani tuzadi va huquqbuzarga ushbu bayonnomaning elektron yoki qogʼoz shaklini taqdim etadi.

Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs agar uni oʼzi sodir etganligiga eʼtiroz bildirmasa, bayonnomani planshetdagi maxsus skanerlovchi uskuna orqali barmoq izlarini tushirish yoʼli yoki elektron grafik imzosi bilan tasdiqlaydi.

Shuningdek, huquqbuzarga “Elektron hukumat” ning yagona billing tizimi orqali masofaviy toʼlash imkoniyati yaratiladi.

Qarorda soddalashtirilgan tartibda ish yuritilmaydigan holatlar ham belgilab berildi.

Jumladan, soddalashtirilgan tartibda ish yuritishga huquqbuzar yoki jabrlanuvchi eʼtiroz bildirganda, huquqbuzarlik uchun jarimadan boshqa turdagi jazo nazarda tutilgan holatlarda ish soddalashtirilgan tartibda yuritilmaydi.

 

Batafsil: https://lex.uz/pdfs/4872127