Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining oʻttiz yilligi bayrami munosabati bilan ichki ishlar organlari xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigi

02.09.2021

Mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz yillik bayrami munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda tinglovchi-kursantlarini, shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini va faxriylarimizni samimiy muborakbod etaman.

Bu yilgi bayram “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotganida chuqur maʼno mujassam.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yurtimizning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishga, aholi turmush tarzi yaxshilanishiga xizmat qilib, ushbu yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilmoqda. Quvonarlisi, islohotlar xalqimiz hayotida yaqqol oʻz aksini topmoqda.

Bu borada «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» konseptual gʻoyasi asosida xizmatni tashkil etib, ichki ishlar tizimida sidqidildan xizmat qilayotgan vatanparvar, fidoyi, jasoratli va mard xodimlarimizning alohida oʻrni bor.

Muhtaram Prezidentimiz «Barcha yurtdoshlarimizni ulugʻ safda - Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatorida boʻlishga daʼvat etaman» deb taʼkidladilar. Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston xalqi yanada birlashib, fidoiylik namoyon etishi, Vatan uchun xizmat qilishni oʻzining oliy burchi deb bilishi kerak. Bunday pallalarda Siz ichki ishlar organlarining jasur xodimlari doimo oldingi saflarda turib, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari undovchi kuchga aylanishi lozim.

Yana bir bor barchangizni eng aziz bayramimiz – mustaqillik ayyomi bilan tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilaviy totuvlik, dasturxoningizga toʻkinlik, qut-baraka tilayman.

Masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor boʻlsin.

Vazir
general-leytenant  P.R. Bobojonov