Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R. Bobojonovning Yangi – 2021 yil munosabati bilan yo'llagan bayram TABRIGI
Hurmatli hamkasblar !
Ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, soha faxriylari hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan xodimlarning oila a'zolarini kirib kelayotgan Yangi – 2021 yil bilan samimiy tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llagan murojaatnomasida mamlakatimizda 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilinganligi, bu borada oldimizda ko'plab mas'uliyatli vazifalar turganligidan dalolat beradi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so'z ketganda “Yangi O'zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yganimiz, erishayotgan beqiyos yutuqlarimizning e'tirofidir.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo'lsin. Aynan shu talab tizimda amalga oshirilgan va davom etib kelayotgan islohotlarning asosi va maqsadi bo'lib xizmat qilmoqda.
25 oktyabr` – ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yo'llagan bayram tabrigida, tizim faoliyatiga yuksak baho berib, “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo'lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo'ladi”, – deb alohida ta'kidladilar.
Darhaqiqat, bugun ichki ishlar organlari xalqimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilib, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, har bir xodim “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o'z xizmat burchi deb biladigan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan tizimli ishlar bugun o'zining amaliy natijalarini bermoqda.
Kelgusida ham xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar bo'lish ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoni bo'lib qolishi lozim.
Hurmatli hamkasblar !
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.
Yurtimizda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibini saqlash, qonunchilik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek mas'uliyatli va sharafli xizmatlaringizga muvaffaqiyatlar yor bo'lsin. Go'zal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bag'rikeng xalqimiz hamisha omon bo'lsin!
Yangi – 2021 yil barchamizga qutlug' kelsin!
Po'lat Bobojonov,
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant