Маъмурий ҳуқуқбузарлик содир этган шахсларни марказлаштирилган тартибда ҳисобга олиш тартиби белгиланди

12.02.2020

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni markazlashtirilgan hisobga olish tizimini takomillashtirish toʼgʼrisida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarning markazlashtirilgan hisobini yuritish yuzasidan masʼul organ etib belgilandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat personallashtirish markazi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot tizimini (keyingi oʼrinlarda yagona markazlashtirilgan axborot tizimi deb ataladi) joriy etishga doir chora-tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni hisobga olish axborot tizimining quyidagilarni hisobga olgan holda takomillashtirilishini taʼminlaydi:

yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlar onlayn rejimida, “Fuqarolarning biometrik hujjatlari elektron tizimi” orqali kiritilishi;

maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qayd etgan huquqbuzarliklar yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga elektron kompьyuter tarmogʼi orqali taqdim etilishi;

maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlar boʼyicha javobgarlikka tortilgan shaxslar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni tekshirish hamda zarur axborot olish uchun elektron tartibda masofadan turib foydalanish amaliyoti yoʼlga qoʼyilishi;

maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan jarimaga tortish toʼgʼrisidagi qaror qabul qilingandan soʼng undirilgan jarima toʼlovlarini avtomatlashtirilgan tarzda billing tizimi yordamida yagona markazlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish mexanizmi ishlab chiqilishi va tajriba testidan oʼtkazish orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi;

maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqishga vakolatli organlar yagona markazlashtirilgan axborot tizimi elektron raqamli imzodan foydalangan holda identifikatsiyalash tizimi orqali yuritilishi;

elektron raqamli imzo vositalarini axborot xavfsizligi talablariga muvofiq sertifikatlash tizimi joriy etilishi;

yuklangan vazifalarning hajmiga koʼra, maʼlumotlarning markazlashtirilgan hisobini yuritishga masʼul boʼlinmalarning tashkiliy-shtat tuzilmasi qayta koʼrib chiqilishi;

yagona markazlashtirilgan axborot tizimini tajriba testidan oʼtkazishni joriy etishga doir tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish yakunlariga koʼra maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni hisobga olish tartibi toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʼyicha ikki oy muddatda takliflar kiritish.

Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va maʼmuriy huquqbuzarlik yoʼli bilan maʼnaviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan shaxslarni markazlashtirilgan hisobga olish tartibi toʼgʼrisidagi nizomga koʼra, quyidagilar hisobga olishning asosiy printsiplari hisoblanadi:

qonuniylik;

axborotning xolisligi, ishonchliligi va taqqoslanuvchanligi;

axborotdan ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan doirada foydalanilishi va ularning oshkoraligi;

hisobga olishning majburiyligi va bir xilligi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarning markazlashtirilgan hisobi Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yagona markazlashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.

Yagona markazlashtirilgan axborot tizimi, maʼlumotlarning hududiy va idoraviy bazalari cheklangan holda foydalaniladigan axborot resurslari hisoblanadi.

Yagona markazlashtirilgan axborot tizimi maʼlumotlarning hududiy bazalari asosida shakllantiriladi.

Maʼlumotlarning hududiy bazalari maʼlumotlarning idoraviy bazalari asosida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tomonidan (keyingi oʼrinlarda ichki ishlar organlari deb ataladi) shakllantiriladi.

Maʼlumotlarning idoraviy bazalari hisobga olish hujjatlari asosida vakolatli organlarning hududiy boʼlinmalari tomonidan shakllantiriladi.

Qarorga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni hisobga olish jurnali yuritiladi. Mazkur maʼlumotlar jazoni ijro etish muddati tugagan kundan boshlab bir yil mobaynida saqlanadi. Markazlashtirilgan bazadagi maʼlumotlar foydalanish cheklangan axborot tizimi hisoblanib, ulardan faqat vakolatli shaxslar foydalanishi mumkin.

KUN.UZ sayti