Maʼmuriy jarimalar 15 kun ichida toʼlansa, 50 foiz chegirma qoʼllaniladi
Prezident qaroriga (PQ–99-son, 23.03.2023 y.) muvofiq, maʼmuriy huquqbuzarliklar boʼyicha qoʼllanilgan jarimani ixtiyoriy toʼlash tizimi yanada soddalashtiriladi.
Shunga koʼra, 2023 yil 1 maydan:
- huquqbuzar unga jarima solish toʼgʼrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy toʼlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʼlashdan ozod qilinadi.
Mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qoʼllaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan:
- sudlanganlik muddatining oʼtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor maʼlumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi;
- Bu boʼyicha maʼlumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning YaIDXP (my.gov.uz)dagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.