Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Razzaqovich Bobojonovning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi

08.03.2022

Ichki ishlar organlari, harbiy tuzilmalar va taʼlim muassasalarida xizmat qilayotgan aziz opa-singillarimizni, faxriy ayollarimizni bahor faslining nafis ayyomi «8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni» bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga har qachongidan ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish, moʻtabar Onalarimizni ardoqlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish mamlakatimiz Taraqqiyot strategiyasining eng muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida Prezident farmoni bilan yangi tuzilma – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil qilingani ham ushbu ishlarning amaliy ifodasidir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Bugungi farovon hayotimiz ham, yorugʻ kelajagimiz ham ayollarga bogʻliq. Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi boʻlsa, oila rozi boʻladi, oila rozi boʻlsa, jamiyat rozi boʻladi”, deya alohida taʼkidlaganlar.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida boʻlgani kabi Ichki ishlar vazirligi tizimida ham koʻplab xotin-qizlarimiz xalq manfaatlari yoʻlida, fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqdalar.

Ayniqsa, profilaktika, tergov, jinoyat-qidiruv, yoʻl harakati xavfsizligi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha xizmat va yoʻnalishlarda rahbar ayollar soni koʻpaymoqda. Bu ichki ishlar organlarining yanada samarali tuzilmaga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.

Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar, fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu ayyom bilan yana bir bor tabriklab, Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Vazir, general-leytenant P.R. Bobojonov