Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Razzoqovich Bobojonovning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

01.09.2022

Hurmatli hamkasblar!

Bugun Vatanimizning eng ulugʻ, eng aziz ayyomi – Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami bilan sizlarni – ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda tinglovchi-kursantlarini, shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini va aziz faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Yurtimizda ushbu bayramning “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida nishonlanayotgani ham, yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish eng muhim vazifalardan biri ekanligidan dalolatdir.

Mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi. Ayniqsa, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar organlarida keng koʻlamli va puxta oʻylangan islohotlar amalga oshirildi.

Islohotlar jarayonida xalqni rozi qilish, mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish – har bir xodimning kundalik faoliyati mezoniga aylandi. Xodimlarning maʼnaviy dunyoqarashini rivojlantirish maqsadida, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” degan ezgu gʻoyani amaliyotga tatbiq etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan bunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik har bir xodimdan tunu kun oʻz ustida ishlab, xalqimizning ishonchini oqlash uchun fidoyilik bilan xizmat qilishni talab etadi.

Barcha xodimlar zimmamizdagi vazifalar masʼuliyatini anglab yetgan holda, xalqimiz va Yurtboshimiz ishonchini oqlash uchun bor kuch-gʻayratini safarbar etishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni Mustaqillikning 31 yillik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xalqimizning tinch-osuda hayotini taʼminlash yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Oʻzbekiston Respublikasi

Ichki ishlar vaziri

general-leytenant

P.R.Bobojonov