O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.R. Bobojonovning bayram TABRIGI

14.01.2022

Ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalarining professor o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, faxriylar va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining shonli 30 yilligi hamda “Vatan himoyachilari kuni” bayrami munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Yurtimizda so‘nggi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan g‘oya asosida, aniq maqsadga qaratilgan manzilli ishlar olib borilishi natijasida, armiyamiz qiyofasi ham, harbiy xizmatning maʼno-mazmuni ham tubdan o‘zgarib bormoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev sana munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida, “...Muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi”, deya yurt o‘g‘lonlari shaʼnini yuksak eʼtirof etdilar.

Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizning muhim asosi bo‘lgan ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tizimni fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatadigan, har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni – oliy burchi deb biladigan, barcha saʼy-harakatlarini inson qadri uchun yo‘naltirgan professional tuzilmaga aylantirmoqda.

Maʼlumki, Muhtaram Prezidentimiz 2022 yilni mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qildilar.

Inson qadrini ulug‘lash – eng avvalo, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir.

Bu esa, o‘z navbatida har bir rahbar va xodimdan katta masʼuliyat bilan birga, tunu-kun o‘z ustida ishlab, zamonaviy bilim egallashini, mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasbga bo‘lgan sadoqatini har kuni isbotlashini talab etadi.

Ishonamanki, o‘z kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz zimmasiga yuklatilgan yuksak vazifalarni chuqur his etgan holda, sharafli burchlarini vijdonan bajarib, xalqimiz va Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni to‘liq oqlaydilar.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, xizmat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Po‘lat Bobojonov,

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant