Oʼzbekiston yoshlar ittifoqining harbiy qism va muassasalaridagi boshlangʼich tashkilot yetakchilarining I-respublika forumi yoshlarda vatanparvarlik tuygʼusining yanada oshishiga xizmat qildi

08.02.2020

Yurtboshimizning o'tgan yil 13 dekabrdagi «O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risidagi» Farmoyishiga binoan, bugun «Turkiston» san'at saroyida mamlakatimiz Qurolli kuchlari harbiy qism va muassasalari yoshlar etakchilarining I-respublika forumi bo'lib o'tdi.

Uni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad esa, kelajagimiz egalari bo'lmish yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Ona vatanga bo'lgan mehr-muhabbat, sadoqat va mardlik tuyg'ularini rivojlantirishdan iboratdir. Shu bilan birga, ushbu sohada olib borilayotgan sa'y-harakatlarga davlat va nodavlat tashkilotlari, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faolroq jalb etish hamda harbiy qism va muassasalardagi yoshlar etakchilari o'rtasida o'zaro tajriba almashish tizimini yo'lga qo'yish ham shular sirasiga kiradi.

Mazkur forumda O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiya, Qurolli Kuchlar va Ichki ishlar vazirligi akademiyalari, Bojxona va Harbiy-texnika institutlarining kursantlari hamda «Temurbeklar maktabi» o'quvchi-yoshlari, bir qator vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirda so'zga chiqqan mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari, xalqimiz ardog'idagi san'at ustalari va shoirlar hamda taklif etilgan boshqa mehmonlar ham jannatmonand diyorimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar to'g'risida mamnuniyat ila ta'kidladilar.    

Shuningdek forum doirasida mamlakatimiz xotin-qizlarining harbiy xizmatchilarga yo'llagan tabriknomasi hamda yosh harbiy xizmatchilarning yurtimiz yoshlariga murojaati o'qib eshittirildi. Shu bilan birga, Sariosiyo va Andijon voqealarida halok bo'lgan harbiy xizmatchilarga bag'ishlangan «Mard o'g'lonlar nomi barhayot» nomli videorolik va yoshlarni vatanparvarlikka undovchi ijodiy chiqishlar ham namoyish etildi.

Shuningdek, forum davomida davlatimiz Qurolli Kuchlari harbiy qism va muassasalaridagi yoshlar etakchilariga, YOshlar ittifoqining hududiy Kengashlari harbiy bo'lim boshliqlariga hamda huquq-tartibot idoralaridagi hamkor tashkilotlarga O'zbekiston yoshlar ittifoqining esdalik sovg'alari topshirildi.

Haqiqiy vatanparvarlik ruhida bo'lib o'tgan ushbu forum yakunida esa, barcha ishtirokchilar bilan «O'zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilamiz!» shiori ostida fleshmob o'tkazildi.

IIV Axborot xizmati