Oddiy holatga aylangan 10 ta huquqbuzarlik

16.08.2023

Kundalik hayotimiz, yurish turishimizda shunday xatti-harakatlar borki, biz ularni gohida eʼtiborsizlik gohida esa ongli ravishda amalga oshiramiz. Bizning nazdimizda arzimagan narsadek tuyulgan ishning keltirib chiqaradigan oqibatlari haqida esa oʼylab ham oʼtirmaymiz.

Unutmaslik kerakki, u qanchalik kichik boʼlmasin, har qanday qayd etilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Ushbu maqolada aynan mana shular haqida soʼz boradi.

1. Soʼkinish taqiqlanadi

Soʼkinish yoki yoki yomon soʼzlar aytish odatiy holga aylangan. Buning uchun hech qanday javobgarlik yoʼqdek goʼyo. Аmmo har qanday vaziyatda ham soʼkinganlik uchun javobgarlik bor.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda “kommentariya”ga soʼkib yozganlik ham qonunbuzarlik hisoblanadi.

Birovni hayotda yoki internet tarmogʼida haqorat qilganlik uchun BHMning 40 baravarigacha jarimaga belgilangan. 1 yil ichida yana 1 marta shunday harakat qilinsa, unda bu jinoyatga aylanadi.

Koʼchada soʼkinish yoki jamoat tartibini buzish 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʼladi.

2. Qizlarga “gap otish”

Koʼp holatlarda yigitlar qizlarga “gap otishi” (qoʼpol yoki uyatsiz teginish harakatlari bilan) yoki har xil nomaqbul harakatlar qilishi mumkin. Bu ular uchun normaga aylanib ulgurgan. Аmmo qizlarga yoki har qanday shaxsga shahvoniy shilqimlik qilish qonun bilan taqiqlanadi va buning uchun javobgarlik belgilangan. Hattoki, fuqaro shunday harakat uchun 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olinishi mumkin.

3. Jamoat joyida tamaki chekish

Bozorlarda, koʼchalarda, ish joylarida, sport zallarida tamaki isteʼmol qilish mumkinmi? Qonunchiligimizga koʼra, jamoat joylarida mumkin emas. Buning uchun esa fuqaro BHMning 1/3 qismi miqdorida jarima jazosiga tortilishi mumkin. Jamoat joylaridagi maxsus chekish uchun moʼljallangan joylarida tamaki isteʼmol qilishni qonun taqiqlamaydi.

4. Oilaviy zoʼravonlik

Oilaviy zoʼravonlikning koʼrinishi har xil. Masalan, er turmush oʼrtogʼining oliy taʼlimda oʼqishiga yoki ishlashiga qarshilik qilishi mumkin. Bu harakat oilaviy zoʼravonlik deb baholanadi Quyidagi harakatlarni turmush oʼrtogʼiga, sobiq turmush oʼrtogʼiga yoki birga yashaydigan yoki umumiy farzandga ega insonga qilmaslik kerak:

– uning mulk, taʼlim olish, sogʼliqni saqlash yoki mehnat huquqlarini buzmasligingiz;

– mol-mulkiga yoki shaxsiy narsalariga shikast yetkazmasligingiz;

– sogʼligʼini yomonlashuviga olib keladigan kamsitish harakatlarini qilmasligingiz;

– qoʼrqitmasligingiz va yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʼymasligingiz lozim boʼladi.

Аks holda, bu maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʼlishi mumkin.

5. Belgilanmagan joyga axlat tashlash

Hamma koʼchaga axlat tashlash bu noqonuniy harakat ekanligini yoki kamida ekologik zararligini bilsa kerak. Lekin shunda ham har kuni belgilanmagan joyga axlat tashlash holatlari koʼpaysa koʼpaydi, lekin kamaymadi. Maishiy chiqindilarni (axlatni) belgilanmagan joyga tashlash fuqarolar uchun BHMning 15 baravarigacha jarimaga tortishga sabab boʼladi. Mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima toʼlaydi.

Аvtomobilda oʼtirib, axlat tashlaganlar esa BHMning 1/2 qismi miqdorida jarimaga tortiladi.

6. Metroda ham qoidalar bormi?

Metro jamoat transporti boʼlganligi uchun ham uning oʼziga xos va mos qoidalari mavjud. Masalan, belgilangan chiziqlardan oʼtib ketmaslik bu metropolitendan foydalanishning qoidalaridan biri hisoblanadi. Metropolitendan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bor.

Metropolitendan foydalanishning belgilangan qoidalarini buzish fuqarolarga BHMning 1/10 qismidan 1/2 qismigacha, mansabdor shaxslarga esa — 1/2 qismidan 1 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

7. Kamar taqmaslik

Аvtomobilь harakatlanayotganda har doim haydovchi kamar taqishi zarur (ayrim qonunchilikda ruxsat berilgan holatlar bundan mustasno).

Xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik BHMning 1/2 qismi miqdorida jarima solishga sabab boʼladi.

8. Haydovchi transport boshqarganda telefonda gaplashish

Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi BHMning 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʼladi. Аlbatta, telefondan qoʼllarni ishlatmasdan yoki quloqchinlar orqali foydalansangiz javobgarlik mavjud emasligini ham bilishimiz zarur.

9. Yoʼldan oʼtayotganda telefonda gaplashish

Piyodalar ham haydovchilar kabi juda koʼplab yoʼl qoidalarini har kuni buzadi. Bularga misol qilib, yoʼllardan belgilanmagan joylardan oʼtishini, yoʼldan oʼtayotganda telefondan foydalanishi yoki kitob oʼqigan tarzda oʼtishi kabi boshqa holatlarni ham koʼrsatishimiz mumkin.

Bunday harakatlarga piyoda BHMning 1 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

10. Dars vaqtida telefondan foydalanish

Oʼquvchilarga dars vaqtida quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:

telefon orqali soʼzlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni joʼnatish;

telefonni stol ustiga qoʼyish;

musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash;

surat va video tasvirlarni koʼrsatishda telefondan foydalanish (oʼyinlar bilan shugʼullanish), tasvir (matn, rasm, videoyozuv va fotosuratlar) koʼrish, diktofon, kalьkulyator, kalendarь, bloknot, yon daftarcha kabilar sifatida foydalanish;

suratga olish va video tasvirga tushirish;

telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.

Yuqoridagi barcha biz har kuni qiladigan, ammo eʼtibor ham bermaydigan harakatlar noqonuniy hisoblanadi va barchasi uchun qonunchiligimizda javobgarlik belgilangan. Qonunni hurmat qiling!

Salamat Turemuratov

Hudud24.uz kolumnisti