Profilaktika inspektorlari sud yigʻilishlarida onlayn qatnashmoqdalar

27.08.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida profilaktika inspektorlari faoliyatida bir qator axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan. 1-avgustdan barcha ma’muriy huquqbuzarliklar, 1-sentabrdan esa huquqbuzarliklar boʻyicha sud yigʻilishlari onlayn tarzda oʻtkaziladi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 53 ta poytaxt ichki ishlar boʻlimlari va 20 ta mahalla huquq-tartibot punktlari optik tolali aloqa tizimiga ulandi. Bundan tashqari, joylarda ichki ishlar boʻlimlarining moddiy-texnik bazalari mustahkamlanmoqda.

Jumladan, Yangihayot tumanida faoliyat olib boradigan 51 ta IIB va ikkita tayanch punktlariga Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan printerlar topshirildi.Qayd etish joizki, joriy yilning 24-avgust kuni holatiga koʻra Toshkentda 2166 ta sud yigʻilishlari onlayn tarzda oʻtkazildi, sudga barcha hujjatlar elektron koʻrinishda joʻnatildi.