Qonun loyihasidagi normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning mas’ullari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, ichki ishlar organlarining hamda Milliy gvardiyaning faoliyati isloh qilinib, jamoat tartibini saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, jamiyatda jamoat tartibini saqlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha vujudga kelayotgan muammolar atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini yangi darajaga ko‘tarish, mas’ul davlat organlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha vazifa va vakolatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Qonun loyihasidagi normalar bilan ichki ishlar organlarining mas’uliyati oshirish, ularning xizmat samaradorligini kuchaytirish maqsadida ichki ishlar bo‘limlarining (boshqarmalarining) boshliqlari yoki boshliq o‘rinbosarlariga qo‘shimcha ravishda 8 turdagi ma’muriy huquqbuzarlikni ko‘rib chiqish, profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha ravishda 10 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish belgilanmoqda.
Shuningdek, patrul-post xizmati xodimlariga 8 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish, Milliy gvardiya organlari xodimlariga qo‘shimcha ravishda 13 turdagi ma’muriy huquqbuzarlikni ko‘rib chiqish hamda 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilishi nazarda tutilmoqda.
Tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar, huquqbuzarliklarga nisbatan chora ko‘rishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, ularga nisbatan choralar ko‘rishda elektron planshetlar, ularni ishlatish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir vakolatlarini kengaytirish hamda ushbu sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish tizimini samarali tashkil etish tartibini belgilaydi.
Seminarda qonun loyihasidagi normalarni takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir tashkilotchilari
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi