Shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik bergilandi
Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida qonun OʼRQ–829-son, 11.04.2023 y bilan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.
Haq toʼlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Haq toʼlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat boʼlib, u sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha boʼlgan muddatga tayinlanadi.
Аgar huquqbuzar oʼqiyotgan boʼlsa, jamoat ishlari oʼqishdan boʼsh vaqtda bajariladi.
Haq toʼlanadigan jamoat ishlari quyidagi shaxslarga nisbatan qoʼllanilmaydi:
- pensiya yoshiga yetgan shaxslarga;
- yoshga toʼlmagan shaxslarga;
- homilador ayollarga;
- 3 yoshga toʼlmagan bolalari bor ayollarga;
- I va II guruh nogironligi boʼlgan shaxslarga;
- doimiy ishga ega shaxslarga;
- harbiy xizmatchilarga.
Shuningdek, Oʼzbekiston fuqarosiga aliment toʼlash majburiyati boʼlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar maʼmuriy tartibda chiqarib yuborilmaydi.
Shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik bergilandi.
Shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʼlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega boʼlgan harakatlarni bir marta qoʼpol ravishda yoki bir necha marta sodir etish 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʼlishi mumkin.
Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʼyin tovlash (474-modda), ota-onani moddiy taʼminlashdan boʼyin tovlash (475-modda) kabi maʼmuriy qilmishlar quyidagi javobgarliklar qoʼllanilishiga sabab boʼladi:
- 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga;
- 120 soatgacha haq toʼlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga;
- maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʼllanilishi mumkin boʼlmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solishga.
Shuningdek, ota-onaning oʼz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash boʼyicha majburiyatlarini bajarmaganligi BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼlishi mumkin.
Oilaviy (maishiy) zoʼravonlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanib, mazkur huquqbuzarlik BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʼladi.
Shuningdek, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʼzgʼorda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega boʼlgan shaxsni doʼpposlash BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʼladi.