25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.R.Bobojonovning bayram tabrigi

25.10.2022

Qadrli ichki ishlar organlari xodimlari!

Hurmatli faxriylar!

Sizlarni, siz orqali butun tizimda xizmat qilayotgan barcha xodim va harbiy xizmatchilarni, taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tinglovchi-kursantlarni, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!

Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek ezgu va olijanob ishga bag‘ishlagan, mard va sadoqatli, haqiqiy vatanparvar insonlarga o‘zimning samimiy tilaklarimni bildiraman.

Sizlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish borasidagi mardona xizmatlaringizni butun elimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Prezidentimiz bayram munosabati bilan Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigida “Hech shubhasiz, xalqimiz sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan, muqaddas qasamyodiga sodiq insonlar deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni munosib eʼtirof etadi” deb alohida taʼkidladilar.

Darhaqiqat, sohada amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida o‘tgan qisqa davrda Yangi O‘zbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl o‘g‘lonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, maʼnaviy va maʼrifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, xalqimizning chin maʼnodagi himoyachilariga aylanmoqda.

Jahondagi bugungi murakkab vaziyat bizdan zimmamizga yuklatilgan tinchlik va osoyishtalikni asrashdek o‘ta masʼuliyatli va sharafli vazifani kechayu kunduz fidoyilik va vijdonan ado etishimizni talab etadi.

Sizlarni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri

general-leytenant P.R.Bobojonov