Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshadi

01.04.2023

“Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʼgʼrisida”gi PrezidentFarmoni (PF-45-son, 28.03.2023y.) qabul qilindi

Farmonga koʼra:

2023 yil 1 apreldan pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi.

2023 yil 1 apreldan Oʼzbekiston hududida:

-   pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 soʼm;

-   yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 soʼm;

-   nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʼliq boʼlmagan chogʼdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 soʼm;

-   mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʼlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 soʼm;

-   1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʼlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar kontslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 soʼm;

-   belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 soʼmdan) 747 000 soʼmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 soʼm;

-   zarur ish stajiga ega boʼlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʼm;

-   ish staji toʼliq boʼlmagan chogʼdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʼshimcha toʼlovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 soʼm;

-   oʼzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʼlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʼlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʼm;

-   boquvchisini yoʼqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʼm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun – 198 000 soʼmdan qoʼshiladi;

-   boquvchisini yoʼqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 soʼm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʼlanadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 maydan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi.

2023 yil 1 maydan Oʼzbekiston hududida:

-   mehnatga haq toʼlashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 soʼm;

-   bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 soʼm etib belgilanadi.