Qulaylik, tezkorlik va samaradorlik

16.09.2019

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha soha va tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining oʼrni ortib borayotgani, zarur axborotlardan tezkor xabardor boʼlish, turli interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish keng yoʼlga qoʼyilayotgani barcha sohalarning izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

IIV tashabbusi bilan qator vazirlik, davlat qoʼmitalari va idoralari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekis­ton Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 martdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi «Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarni markazlashtirilgan hisobga olish tizimini takomillashtirish toʼgʼrisida»gi qarori talablarining ijrosi muhokama qilindi.

Yigʼilishda taʼkidlanganidek, bugungi kunda avtomatlashtirilgan tizimlar amaliyotga joriy etilib, maʼmuriy huquqbuzarliklarga doir ishlar boʼyicha qoidabuzarliklarga belgilangan jarima toʼlovlarini elektron toʼlov tizimlari orqali toʼlash imkoniyati yaratildi. Bu endilikda jarima va boshqa toʼlovlarni amalga oshirish uchun ortiqcha vaqt sarf etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning yuqoridagi qarorida maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqishga vakolatli organlarning qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida ixtiyoriy tartibda bajarilmagan maʼmuriy jarimalarni qoʼllash toʼgʼrisidagi qarorlari majburiy ijro etish uchun elektron hujjat koʼrinishida avtomatik ravishda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining axborot tizimiga yuborilishi belgilangan. Joriy yilning 20 sentyabrь sanasidan boshlab amaliyotga tatbiq etiladigan ushbu tartib ortiqcha vaqt hamda qogʼoz sarfini keskin qisqartirishi bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada kengroq foydalanilishini, fuqarolarning tegishli maʼlumotlarga tezkorlik bilan ega boʼlishini taʼminlash hamda mavjud elektron toʼlov tizimlari orqali jarimalar toʼlanilishiga erishish maqsadida «eJarima.uz» veb-sayti, telegram ijtimoiy tarmogʼida «eJarima_bot» sahifasi va Yagona markazlashgan axborot tizimining mobilь ilovasi amaliyotga joriy etilmoqda.

Yigʼilishda maʼmuriy sudlarga yuboriladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrishda talab etiladigan hujjatlar va bu borada yagona sud amaliyotini joriy etish boʼyicha amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar ham muhokama qilindi.

 

Sanjar QURBONMUROTOV
«Postda» muxbiri.
Sodiq HАKIMOV olgan surat.